Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 26,6 milliard dollar bo‘lgan kelishuvlar imzolandi, deb xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2023-yilda o‘tkazilgan forum doirasida jami qiymati 11 mlrd dollarlik, 2022-yilda esa 7,8 mlrd dollarlik 167 hujjat imzolangan. Bu yilda quyidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:

  • Saudiya Arabistonining Data Volt kompaniyasi “Yangi Toshkent”da 1 mlrd dollarga shahar infratuzilmasini va 3 mlrd dollarga yashil texnologiyalarga asoslangan ma’lumotlar markazi qurishni rejalashtirmoqda;
  • Saudiyaning yana bir kompaniyasi Acwa Power 6,2 mlrd dollarga Qoraqalpog‘istonda quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasi hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini barpo qiladi;
  • Birlashgan Arab Amirliklarining Amea Power kompaniyasi ham Qoraqalpog‘istonda quvvati 1000 MVt bo‘lgan 1,1 mlrd dollarlik shamol elektr stansiyasini quradi;
  • Saudiya Arabistonining Saudi Tabrid kompaniyasi Nukus, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida 750 mln dollarga issiqlik tizimini modernizatsiya qiladi
  • Misrning Nil Shugar kompaniyasi Jizzax viloyatida qiymati 500 mln dollarlik qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi;
  • Xitoyning Shaynxay Knud Interneshnl kompaniyasi Namangan viloyatida qiymati 205 mln dollar bo‘lgan tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi;
  • Singapurning Vilmar Interneshnl kompaniyasi Toshkent viloyatida qiymati 200 mln dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarishni reja qilmoqda.

Bundan tashqari, forumda Oraskom Investment (Misr), Bonafarm Grup (Vengriya), Sayar (AQSh), Goldvind, Sinoma (Xitoy), Sam Yapi (Turkiya), Pasha Development (Ozarbayjon), Laselsberger (Avstriya), Petrosat Chexelsoton (Eron) kabi kompaniyalar bilan qiymati 6,6 mlrd dollarga teng yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda 93 davlatdan 2500 dan ortiq ishtirokchi ishtirok etdi. Xorijiy investorlarga mintaqaviy energetika loyihalari (Qambarota GES-1 va Yavon GESi qurilishi) taqdimoti forumning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Taqdimot marosimi O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida panel sessiyalari, muhokamalar, biznes nonushta va davra suhbatlari o‘tkazildi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda davlat, investorlar va tadbirkorlarning roli markaziy mavzulardan biriga aylandi.

Forumning birinchi kunida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni sanab o‘tdi: “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi, mamlakatda Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi va xorijiy sarmoyadorlarga yerlarni ijaraga berish muddati ikki barobar uzaytiriladi.

Davlat rahbari investorlarni O‘zbekiston ishtirokidagi xalqaro loyihalarga qo‘shilishga chaqirdi.